TOShKENT, 6 apr — Sputnik. 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Qurolli kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qismlar tavsiyanomalariga ega bo‘lgan abituriyentlarga kirish testlarida to‘plagan ballarining 50 foizi qo‘shib beriladi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.
Xabarga ko‘ra, mazkur o‘zgarish O‘zbekiston Prezidentining 4-aprelda imzolangan qarori bilan tasdiqlangan.
Ilgari armiyada xizmat qilgan fuqarolarning kirish imtihonlaridagi bu imtiyoz maksimal mumkin bo‘lgan ball miqdorining 27 foiziga teng edi.
Imtiyoz mamlakatning turli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavrlar tayyorlaydigan barcha oliy o‘quv yurtlariga tegishli. Imtiyoz olishning boshqa shartlari o‘zgarishlarsiz qolgan.