Mirziyoyev qaroriga asosan har bir veteranga 2 mln so‘mdan pul mukofoti topshiriladi

Obuna bo‘lish
1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti nomidan 2 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti tantanali ravishda topshiriladi

TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarori e’lon qilindi, deb xabar qildi "Uz24" nashri.

O‘zbekistonda 9-may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni tadbirlari "Qahramonlik, burch va fidoyilik" hamda "Ajdodlarni xotiralash – muqaddas qadriyat" shiorlari ostida yuqori saviyada o‘tkaziladi, deyilgan xabarda.

Vladimir Putin Ikkinchi Jahon urushi natijalari haqida - Sputnik O‘zbekiston
Putin: kimda-kim Ikkinchi jahon urushi natijalari qayta ko‘rib chiqishni istasa - marhamat!
Nashr xabariga ko‘ra, 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti nomidan  2 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti tantanali ravishda topshiriladi.

Shuningdek, 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining oila a’zolariga moddiy, ma’naviy va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirlik va  idoralar,  tashkilot va harbiy qismlar vakillari biriktirilib, ushbu toifadagi shaxslarni qutlash va ko‘nglini ko‘tarish maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifi tashkillashtiriladi.

Yolg‘iz va kam ta’minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta’mirlash, obodonlashtirish hamda o‘z uy-joyiga ega bo‘lmaganlariga turar joy ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlari ham amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi  Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent shahrida 2017-yil 9-may soat 21.00 da bayram salyutini tashkil qilishi aytilgan.

Yangiliklar lentasi
0