TOShKENT, 4 apr — Sputnik. Rossiya Tergov qo‘mitasi Sankt-Peterburg metrosida o‘zini portlatib yuborgan xudkush-terrorchining shaxsini aniqladi.
"U Akbarjon Jalilov bo‘lib chiqdi. U1995 yilning 1-aprelida Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida tug‘ilgan, ayni damda Rossiya fuqarosi", — deyilgan qo‘mita xabarida.
Ekspert kriminalistlar aniqlashiga ko‘ra, Jalilovning biologik izlari «Ploshad Vosstaniya» bekatida qoldirib ketilgan, portlamay qolgan bombada ham topilgan.
O‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari doirasida Jalilovning ota-onasi shaxsi aniqlanib ular so‘roq qilingan.
"Qidiruv-tergov ishlari doirasida Jalilovning ota-onasi so‘roq qilindi. Boshqa hech narsa ayta olmaymiz. Qirg‘iziston maxsus xizmatlari biz bilan aloqada", — deyilgan huquqni saqlash organlari xabarida.
Akbarjon Jalilovning Qirg‘izistondagi hayoti haqida ma’lumot juda kam.
Jalilovning qo‘shnilari aytishiga qaraganda ularning oilasi tinch yashagan, hech qanday mojarorlarga aralashmagan.
"Ular bu yerga 5-6 yil oldin ko‘chib kelishgan edi. Otasi ko‘p yillar davomida Rossiyada edi. Ular tinch oila edi, hech qanday mojarolarga aralashmas edi. Bu oila haqida bilganim shu", — deb izoh bergan Jalilovlar qo‘shnisi matbuot vakillariga.