TOShKENT, 2 apr — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining tizim tashkilotlaridagi bir guruh xodimlari oilalariga mo‘ljallangan 11 xonadonning kalitlari o‘z egalariga topshirildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi matbuot-xizmati.
Aytilishicha, xizmat uylari taqdim etilishida xodimlarning mehnat jamoalaridagi faoliyati, yashash sharoitlari, fuqarolar yig‘ini, ish joylaridan taqdim etilgan tavsiyanomalar hamda boshqa barcha holatlar inobatga olingan.
"Misol uchun, B.Xudoyqulov yuqori malakali dirijor, xorijiy davlatlarda o‘z malakasini oshirgan, garchi katta maosh evaziga chet elda ishlash imkoni bo‘lsada, o‘z yurti san’ati rivoji yo‘lida mehnat qilayotganligi, qolaversa, oilasi to‘rt nafar ekanligi e’tiborga olingan", — deyiladi xabarda.