TOShKENT, 4 apr — Sputnik. Bugun "Axborot" dasturi ilk marotaba jonli efirda uzatildi, deb xabar qilmoqda "Diydor aziz" nashri.
"Bugun, O‘zbekiston telekanalining "Axborot" dasturi 14:00da jonli efirda namoyish etildi. Tanqid toshlaridan so‘ng "Axborot" dasturi jonli efirda chiqa boshlagani katta o‘zgarishdir. Hamkasblarimizga omad tilab qolamiz", — deyilgan xabar matnida.
Eslatib o‘tamiz, 30-mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev video muloqoti chog‘ida Milliy teleradokompaniyasi faoliyatiga "Axborot" va "Davr" informatsion dasturlaridan kelib chiqib aytgan tanqidiy fikrlar bildirgan edi.
Mirziyoyev bu sohada ahvol "eski hammom, eski tos" bo‘lib qolayotganini aytgan hamda "Ura-ura"chilik zamoni o‘tgani, televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish, "Axborot" ko‘rsatuvini o‘zgartirish kerakligini ta’kidlagan.