TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor eski maishiy texnika buyumlarini topshirib yangi maishiy texnikani imtiyozli ravishda xarid qilish uchun kupon olish imkoniyati paydo bo‘ldi, deb xabar qilmoqda naesmi.uz.
Ushbu dasturni amalga oshirish uchun maxsus Toshrangmetzavod Recycling MChJ tashkil qilingan.
Yangi korxonaning asosiy maqsad va vazifalaridan biri – O‘zbekiston qonunlarida belgilangan tartibda davlat tashkilotlari va yuridik shaxslarga ish muddati tugagan elektron texnikani utilizatsiya qilishda yordam berish, atrof-muhitni qattiq chiqindilardan ifloslanishini oldini olish.
"Jahondagi yetakchi davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bu kabi loyihalar atrof-muhitni himoyalashda katta yordam beradi. Ishdan chiqqan eski radio, televizor, magnitofon va boshqa elektr jihozlarni axlatga tashlab yuborsangiz, tabiatga zarar yetkaziladi. Yaroqsiz jihozlarni qayta ishlab, kundalik anjomlarni ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu yo‘l bilan nafaqat tabiatni asraymiz, balki arzon tovar sotib olish imkoni paydo bo‘ladi", — deyilgan xabarda.
"Shaharga imkon hadya et" dasturi ushbu vazifani yechish uchun qaratilgan. Loyiha dasturida ishdan chiqqan elektr jihozlar qabul qilinadi, keyinchalik ulardan sim, armatura, metall va plastmassa buyumlari qayta ishlab chiqariladi va iste’molchiga taqdim etiladi.
Aholidan elektrtexnik chiqindilarini qabul qilishning 1-bosqichi 2017-yil 11-apreldan Toshkentda MEDIAPARK savdo majmuasi ko‘magida boshlanadi.
Mediapark xududida "Tabiatga imkon hadya et" qabul punktlari ochiladi. U yerlarda topshirilgan elektr jihozlar evaziga chegirmalar kuponi taqdim etiladi. Kupon egalari xarid qilinayotgan texnikaga Mediaparkda chegirma olishlari mumkin.