TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasida 3-aprel kuni O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida umumiy qiymati 3,5 milliard dollardan ortiq hajmdagi 16ta hujjat imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi. Oliy darajadagi O‘zbekiston-Rossiya muzokaralari yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha qator hujjatlar Kremlda imzolanishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, "Asaka" bank va "Gazprombank" AJ o‘rtasida Toshkent shahrida metallurgiya zavodi qurilishi loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida hadli bitim, "Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi" AJ ishlab chiqarish maydonlarida qishloq xo‘jaligi texnikasini hamkorlikda ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha bitim va boshqa qator ahamiyatli hujjatlar imzolandi.
Shuningdek, Rossiyaga yangi va qayta ishlangan meva va sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha qiymati 612 million dollarga teng shartnomalar, O‘zbekistonga Rossiya neftini yetkazib berish bo‘yicha memorandum hamda ekskavator texnikasini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim ham imzolandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Achilbay Ramatov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinning taklifiga ko‘ra 4-5 aprel kunlari Rossiyaga davlat tashrifini amalga oshiradi. Oliy darajadagi muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarning muhim masalalari hamda o‘zaro siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ilmiy sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.