Samarqandda bir yarim milliard so‘m pulni o‘zlashtirgan jinoiy guruh sudlandi

© Sputnik / Yevgeniy Biyatov / Mediabankka o‘tishruki naruchniki
ruki naruchniki - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
13 kishidan iborat guruh noqonuniy moliyaviy faoliyat bilan shug‘ullangan hamda davlatga bir yarim milliard so‘mdan ortiq zarar keltirgan

TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi "Mirbozor bozori" MChJ raisi va uning 12 nafar sherigini davlat mablag‘ini talon-toroj qilganligi uchun turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi, deb xabar berdi suddagi manba.

Narpay tumanidagi "Mirbozor bozori" mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Ravshan Turdiyev qo‘l ostidagi xodimlaridan iborat jinoiy guruh tashkil etib noqonuniy moliyaviy faoliyat bilan shug‘ullangan hamda davlat manfaatlariga o‘ta yirik miqdorda zarar yetkazgan.

Milliy xavfsizlik xizmati Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari R.Turdiyev mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda 400ta do‘kon va 2 mingta peshtaxta ijarasi haqida soxta hujjatlar tayyorlaganini aniqlashdi. U mazkur hujjatlar orqali har oylik majburiy yig‘imlarning katta qismini yashirish va o‘zlashtirishga erishgan. Jinoiy guruhning boshqa a’zolari ham kunlik to‘lovlarni yig‘ishda xuddi shu tarzda ish olib borishgan.

Militsiya xodimlari - Sputnik O‘zbekiston
Axborot: Samarqandda qotillik, o‘g‘rilik va avtomobil olib qochish jinoyatlari oshgan

"Bozorning 2013-2015 yillardagi faoliyati tekshirilganida R.Turdiyev boshchiligidagi jinoiy guruh tomonidan hujjatlar soxtalashtirilganligi va 1,52 milliard so‘m mablag‘ talon-toroj qilinganligi, 787 million so‘mdan ortiq soliq yig‘imlari qasddan yashirilganligi aniqlandi. Bundan tashqari, bozor ma’muriyati mahalliy organlarning ruxsatisiz avtoturargoh tashkil etib, uning ortidan 142 million so‘m daromad qilgan", — dedi sud vakili Sputnik muxbiriga.

R.Turdiyev sudda o‘z aybiga iqror bo‘ldi. Sud hukm chiqarishda ayblanuvchilarning keltirilgan zararning bir qismini qoplaganligini inobatga oldi. Jinoiy guruh rahbari 7-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi hamda uch yil davomida rahbarlik va moddiy-javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum bo‘ldi. U eng kam ish haqining 310 baravari miqdorida jarima to‘lashga hukm qilindi.

Uning qo‘l ostidagi 12 nafar sheriklari ham uch yil davomida rahbarlik va moddiy-javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum bo‘ldilar, eng kam ish haqining 75dan 300 baravarigacha jarima to‘lashga hukm qilindilar va besh yarim yildan olti yarim yilgacha muddatlarga ozodlikdan mahrum etildilar. Sud barcha sudlanuvchilar davlatga yetkazilgan 1,46 milliard so‘mdan ortiq zararni jamoaviy holda to‘lashlari to‘g‘risida hukm chiqardi.

Yangiliklar lentasi
0