TOShKENT, 1 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.
"O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida uning hududiy bo‘limlari tashkil etilsin", — deyiladi farmonda.
Hujjatga muvofiq, mazkur davlat qo‘mitasi yagona davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun mas’ul vakolatli davlat organi hisoblanadi.
2017 yilning 1-iyunidan boshlab investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar yetkazib berish, shuningdek, bitta shartnoma bo‘yicha qiymati 100 ming AQSh dollaridan ortiq hajmdagi ishlar (xizmatlar)ning bajarilishi yuzasidan tender (tanlov) savdolari natijalarini muvofiqlashtirish, ekspertizadan o‘tkazish, kelishish hamda ularga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining chet el kompaniya va tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga o‘tkaziladi.
Davlat qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasining bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarlik qiladigan Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va kurilish industriyasi masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.