TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Anton Kurilkin. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar uchun imtiyozlar taqdim etdi: ular valyuta tushumini majburiy sotishdan ozod etiladi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ro‘yxatdan o‘tgan, farmatsevtika tovarlari va preparatlari, elektrotexnika mahsulotlari, pardozlash qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar mulk solig‘i, yer solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi.
Sputnik O‘zbekiston muxbiri mazkur chora tadbirlarning valyuta islohotlariga ta’siri borasida mustaqil ekspert Yuliy Yusupov bilan suhbatlashdi.
- Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyati tadbirkorlari uchun berilgan imtiyozlar qanday samaraga ega?
— Valyuta imtiyozlari eksport hamda eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishning oshishiga xizmat qiladi.
Farmatsevtika, qurilish materiallari, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga berilgan imtiyozlar esa tadbirkorlarning ko‘proq investitsiya kiritishlari, yangi ish o‘rinlari yaratishlari maqsadini ko‘zda tutadi. Mazkur imtiyozlar Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatiga xorij davlatlari va O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridan investitsiyalarni jalb etadi.
- Yuqoridagi choralarni valyuta islohotlarining boshlanishi deb aytish mumkinmi?
— Yo‘q, bu Orol dengizi halokatidan zarar ko‘rgan hududlar uchun imtiyozlar, ularga yordam berishdir.
Valyuta islohotini esa boshlandi deb aytish mumkin. So‘m rasmiy kursining tezlashtirilgan muntazam devalvatsiyasi olib borilmoqda. Dollar narxi hozirda ancha tez sur’atlarda oshmoqda. Aftidan, bu rasmiy va "qora" kurslar orasidagi tafovutni kamaytirishga urinishdir.
- Ya’ni qora bozordagi tebranishlar Markaziy bank siyosatiga nisbatan o‘ziga xos javobmi?
— Tebranishlar — bozorning tezlashtirilgan devalvatsiyaga nisbatan javobi.
So‘mning rasmiy kursi ilgari haftasiga 25 so‘mga tushgan bo‘lsa, hozirda 50 so‘mga pasaymoqda. Qora bozordagi tebranishlar esa — bozor qatnashchilarining bunga munosabati. Ular kurs qanday bo‘lishini bilishmaydi va dollar yanada oshib ketadi deya uni sotib olishga kirishib ketishdi.
Lekin hozirda dollarning qora bozordagi kursi pasaydi.
Tebranishlar birinchi navbatda noaniqlik bilan bog‘liq bo‘lib, odamlar o‘z nazarlarida ishonchli deb bilgan aktivlarga pul tikishmoqda.