TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Bugun Toshkentda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, "O‘zbektelekom" AJ, Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi hamda UZINFOKOM Markazi tomonidan tashkil etilgan taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan ta’limiy va ko‘ngilochar resurslardan foydalanish mumkin bo‘lgan maxsus «ZiyoNET» tarif rejalarining joriy qilinishi haqida e’lon qilindi.
Ma’lumki, zamonaviy internet texnologiyalari foydali jihatlar bilan bir qatorda yot g‘oyalarni targ‘ib qilish, millatchilik, zo‘ravonlik, ekstremizm kabi salbiy ta’sirlarni ommalashtirish vositasi sifatida yosh avlod tarbiyasiga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.
Ota-onalar farzandlarini bu kabi ta’sirlardan himoya qilish uchun, Internetdan foydalanishni butunlay cheklab qo‘yishni ma’qul ko‘rishadi. Natijada, bola Internet tarmog‘ining foydali jihatlari, ya’ni bilimlarini boyitish, tajriba almashish, jahon va mahalliy miqyosidagi so‘nggi yangiliklar bilan tanishish va elektron kutubxonalardan foydalanish kabi imkoniyatlaridan ham mahrum bo‘ladi.
Ayrim ota-onalar odatda "ota-ona nazorati", "qora ro‘yxati" kabi maxsus tizimlarni joriy qilgan holda, farzandlariga Internet tarmog‘idan foydalanishga ruxsat beradilar. Ammo bu uslub doim ham o‘zini oqlamaydi.
Yosh avlodga Internet tarmog‘ida qulay, xavfsiz muhit yaratish, ta’lim va bilim beruvchi resurslardan yagona nuqtadan foydalanishlarini tashkil qilish orqali, salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborot manbaalaridan himoya qilish maqsadida "O‘zbektelekom" AJ tomonidan maxsus tarif rejalari turkumi va qo‘shimcha xizmatlar yaratildi.
Xalqaro tajriba asosida tatbiq qilinayotgan tizim, xavfdan xoli bo‘lgan foydali Internet resurslaridan ommaviy foydalanish imkoniyatini beradi.
Yangi tariflarni ishlab chiqishda 2006-yildan boshlab ta’lim muassasalari, axborot-kutubxona markazlari, ilmiy, madaniy-ma’rifiy markazlar, ya’ni yuridik muassasalar imtiyozli ravishda ulanib kelgan «ZiyoNET» tarif rejasi asos qilib olingan.
Bundan buyon «ZiyoNET» maxsus tarif rejalariga jismoniy shaxslar ham ulanishlari mumkin bo‘ldi. Foydalanuvchi «ZiyoNET» tarmog‘idan Yagona axborot resurslari ro‘yxatiga kirgan ilmiy-ta’limiy, ma’naviy-ma’rifiy va bolaning etuk va sog‘lom bo‘lib voyaga etishiga xizmat qiladigan boshqa milliy va xalqaro Internet sahifalari o‘rin olgan.
Ushbu tarif rejalarini ishlab chiqishda uning nafaqat yoshlar uchun foydali, shuningdek ko‘rsatiladigan xizmatlarning hammabop — qulay narxda bo‘lishiga ham alohida urg‘u qaratilgan.
«ZiyoNET» tarif rejasida Yagona axborot resurslari ro‘yxatiga kiritilgan xalqaro va TAS-IX, ya’ni Milliy.UZ domenida faoliyat ko‘rsatuvchi saytlardan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Tarif rejasida TAS-IX tarmog‘idagi hududidagi saytlardan foydalanish trafigi chegaralanmagan. Bunday saytlardan foydalanganda hisobdan megabayt sarf qilinmaydi.
Ayni paytda, «ZiyoNET» tarifi doirasiga ta’lim, madaniyat, sport, biznes, tibbiyot yo‘nalishlaridagi 3 mingdan ziyod milliy va xalqaro saytlar kiritilgan va ularning soni kun sayin oshib bormoqda.
Qolaversa, "Eng kichik yoshli foydalanuvchilar uchun" ham maxsus saytlar ro‘yxati mavjud. Ushbu ro‘yxat muntazam tahlil hamda foydalanuvchilar takliflariga ko‘ra, boyitib boriladi.
UZINFOCOM Markazi foydalanuvchilarni yoshlar uchun foydali va qiziqarli sayt nomlarini ushbu ro‘yxatga qo‘shish bo‘yicha taklif berish, shuningdek yoshlarbop resurslar ishlab chiqishga hissa qo‘shishga chaqiradilar. Yoshlarbop sayt yaratish istagida bo‘lganlarga «ZiyoNET» portali loyihasi doirasida Markaz bepul amaliy va texnik ko‘mak beriladi.