TOShKENT, 13 mar — Sputnik. O‘zbekistonda internet aloqasi sifati doim ham yaxshi emasligi hech kimga sir emas. Ushbu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda ham eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Potrebiteli.uz sahifasi xabariga ko‘ra o‘tgan yil davomida nashrning ijtimoiy tarmoqlaridagi guruhlarida “Yaxshi internet-provayderni maslahat bering” degan murojaatlar 112-marta kelib tushgan.
Odatda bunday savollarga guruh foydalanuvchilari “Buni unuting, bizda yaxshisi yo‘q”, yoki “Ularning bari bir xil” kabi javoblar berishadi. Lekin oxirgi vaqtlarda o‘z provayderi xizmatlaridan mamnun bo‘lgan foydalanuvchilar ham paydo bo‘la boshladi.
Haqiqatni aniqlash maqsadida Potrebiteli.uz mualliflari ijtimoiy tarmoq va forumlarda internet-provayderlari xizmatlari muhokama qilingan yuzdan ortiq mavzularni sinchiklab o‘rgani chiqib har bir provayder haqida aytilgan ijobiy fikrlarni qayd etishgan.
Natijada internet foydalanuvchilari tomonidan umumiy hisobda aytilgan 972 ta tavsiya qayd etilgan. Ushbu izlanish natijasi quyidagi grafikda aks ettirilgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda bugungi kunda foydalanuvchilar xizmatidan mamnun bo‘lgan va boshqalarga eng ko‘p tavsiya etgan quyidagi internet provayderlar aniqlangan: Turon Telecom, Sarkor, Uzonline. Ushbu kompaniyalar Potrebitel.uz nashridan oltin tipratikan timsolini olishlari mumkin.