TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Yagona Interaktiv Davlat Xizmatlari Portalida (YaIDXP) umumxalq muhokamasi uchun joylashtirilgan yangi qarorda O‘zbekiston Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasining 2017-yil 13-yanvaridagi qarorida belgilangan patta va soliq to‘lovlari miqdorini o‘zgarish taklif qilingan.
Yangi qaror loyihasiga ko‘ra, Toshkent bozorlarida savdoning bir talay turlariga patta va soliqlar narxini 0,5-2 baravar oshirish rejalashtirilgan. Taklif qilingan patta narxlarining ba’zilarini quyida havola qilamiz.
Bozorda mahsulotni savdo o‘rinlarida sotish, 1 o‘rin/1kun:
Ho‘l mevalar (anor, olma, nok va boshqa) —7200 so‘m (hozir 3400so‘m)
Quruq mevalar (turshak, mayiz, pista, bodom) — 14300 so‘m (hozir 9300)
Poliz mahsulotlari (qovun, tarvuz) — 13800 so‘m (hozir 9300)
Uyda tayyorlangan konserva va qandolat mahsulotlari — 13200 (hozir 5600)
Go‘sht mahsulotlari — 16500 (hozir 8500)
Gullar va ko‘chatlar (6 kv. metrgacha) — 23100 so‘m (hozir 5200)
Mahsulotni avtomobildan sotish:
Yengil avtomobildan 1mashina/1kun — 22600 so‘m (hozir 10000)
Yuk avtomobili 1mashina/1kun — 30800 so‘m (hozir 15000)
Mahsulotni yerdan sotish, 6 kv/m.gacha — 24800 so‘m (hozir 6000)
Qurilish mollari sotish:
Bir kun/1 o‘rin, 6 kv.metrgacha, 22000 so‘m (hozir 4700so‘m)
Bir kun/1 o‘rin, 15 kv.metrgacha, 33000 so‘m (hozir 7600so‘m)
Bir kun/1 o‘rin, 30 kv.metrgacha, 44000 so‘m (hozir 10800so‘m)
Avtotransport vositalarini sotish:
Yengil avtomobillar juma-yakshanba 30800 sum/kuniga (hozir 23500)
Ehtiyot qismlar 8800 sum/kuniga (hozir 6700)
Yangi qarorda bozor inshootlaridan foydalanganlik uchun oylik soliq miqdorini ham o‘zgartirish taklif qilingan. Bu safar ushbu soliq miqdori har bir bozor uchun alohida belgilangan.
Masalan, bozor inshootlaridan foydalanish solig‘i, Aviasozlar dehqon bozori uchun oziq-ovqat mahsulotlari savdosidan 1 kv/metrga — 36300 so‘m bo‘lsa, Mirobod dehqon bozori uchun — 46200 so‘m, Qo‘yliq dehqon bozori uchun esa — 56100 so‘mni tashkil qiladi. Oldin ushbu soliq barcha bozorlar uchun bir xil bo‘lib, 34600 so‘mni tashkil qilar edi.
Shuningdek, bozorlar hududida turli xizmatlar ko‘rsatish: paynet to‘lovlari, oshxona xizmatlari, omborxona xizmatlari, savdo anjomlari ijara xizmati, reklama va aravachilar xizmatlari uchun ham soliq miqdorlarini oshirish yoki o‘zgartirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, soliqlar miqdorini oshirish haqidagi, Toshkent hokimiyatining ushbu qarori hali qabul qilinmagan. Qaror loyihasi O‘zbekiston Hukumati normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portaliga joylashtirilgan. Sahifada xabar berilishiga ko‘ra, hujjat 2017-yilning 14-apreliga qadar umumxalq muhokamasida bo‘ladi.