TOShKENT, 30 mar — Sputnik. AQSh Kongressi Shimoliy Koreyani terrorga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga qaytarmoqchi, deb xabar qildi RIA Novosti.
Xabarda aytilishicha, AQSh kongressi vakillik palatasining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi bir ovozdan Shimoliy Koreya terrorga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga qaytarilishi uchun ovoz bergan.
Qo‘mita raisi respublikachi Ed Roysga ko‘ra "bugun taklif qilingan choralar KXDRni terrorga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga takroran kiritish borasida aniq qarorga kelishga turtki bo‘ladi".
Eslatib o‘tamiz, 1987-yil Janubiy Koreyaga qarashli yo‘lovchi samolyot portlatilgach Shimoliy Koreya Amerikaning terrorga homiylik qiluvchi mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan. 115 kishi halok bo‘lgan bu portlash KXDR maxsus xizmati agentlari tomonidan amalga oshirilgan deb hisoblanadi. 2008-yilda Amerikaning sobiq prezidenti Jorj Bush ma’muriyati KXDR terror homiysi bo‘lgan davlatlar ro‘yxatidan o‘chirilganini ma’lum qilgan. Bu qaror MAGATE (atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik) ekspertlari Pxenyan tomonidan e’lon qilingan yadro obyektlari haqida ma’lumot olishlari mumkinligi haqidagi kelishuvdan so‘ng e’lon qilingan.
Ayni kunda Amerikaning "terrorni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatiga" Eron, Suriya va Sudan kiradi.