TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Mashhur xonanda va bastakor, "Yalla" guruhi asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov XXI umummilliy dasturi doirasida "Yil odami — 2016" mukofotiga sazovor bo‘ldi. Taqdirlash marosimi Ukrainadagi Opera va balet milliy akademik teatrida bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi "Jahon" AA.
Teatrga yig‘ilganlar sevimli artistlarini iliq qarshi oldilar. Tomoshabinlar iltimosiga binoan Farrux Zokirov "Choyxona" va "Uchquduq" qo‘shiqlarini kuyladi va marosim mehmonlari uni tik turib olqishladilar.
"Yil odami" umummilliy dasturi direktori Arkadiy Raysin Ukrainada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston xalq artisti Farrux Zokirovning muxlislari juda ko‘p ekanligini bildirdi.
"Bu yerda yaxshi musiqa va betakror ijrochilik zamonlar osha yashab kelishini isbotlagan "Yalla" guruhi ijodini judayam sevishadi", — dedi u.