TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Xitoyning ZTE korporatsiyasi homiyligida tashkil etilgan "aqlli o‘quv xonasi" ochildi. Bu haqda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur "Smart Classroom", ya’ni "aqlli auditoriya" tizimi ZTE dasturiy ta’minoti, elektron displey, elektron doska va planshetlardan foydalanib, talabalar iqtidori rivojlanishini kuzatishga hamda talabalar bilimlarini baholash uchun har bir talabaga alohida test yoki butun guruhni test nazoratidan o‘tkazib tekshirishga yordam beradi.
Har bir dars serverga yoziladi, bu esa talabalar va o‘qituvchilarga har qanday qurilmadan foydalangan holda ma’ruzani ko‘rib chiqishga imkoniyat yaratadi.
Elektron kutubxona imkoniyatlari tufayli talabalar kitoblardan masofadan turib foydalanishi mumkin, bu esa o‘quv qo‘llanmalar taqsimlanishini ancha tezlashtiradi.
Masofaviy ta’lim tizimi o‘qituvchilarga intellektual auditoriyadan chiqmasdan talabalarni masofadan o‘qitishga hamda chet el universitetlari professor-o‘qituvchilari bilan aloqalar o‘rnatishga imkon beradi.
ZTE korporatsiyasi O‘zbekistonda 10-yildan ortiq vaqt mobaynida ish olib boradi. Kompaniya ishtirokida ishlab chiqarish bo‘yicha bir necha qo‘shma korxonalar va turli sohalarda ko‘plab qo‘shma loyihalar amalga oshirilgan.