TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Ushbu haftada O‘zbekistonga ijtimoiy masalalar bo‘yicha Janubiy Koreya bosh vaziri o‘rinbosari, ta’lim vaziri Li Chjun Sik tashrif buyuradi. Bu haqda Koreyaning Yonhap agentligi xabar qildi.
Mazkur tashrif mamlakatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 25-yilligi, etnik koreyslar ko‘chib kelganligining 80-yilligi munosabati bilan uyushtirilmoqda.
Li Chjun Sik tashrifi davomida mamlakatning yuqori martabali mulozimlari bilan stratigek hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash mavzusini muhokama qiladi. U shuningdek, O‘zbekistonda yashayotgan etnik koreyslar bilan uchrashuvlar ham o‘tkazadi.
Agentlikning ma’lumot berishicha, hozirda O‘zbekiston va Qozog‘istonda mos ravishda 180 ming va 100 ming nafar etnik koreyslar istiqomat qiladi.
"19 asr oxirida qashshoq koreys fermerlari Markaziy Osiyo mintaqasiga ko‘chib kela boshlashgan, keyinroq esa 1910-1945 yillarda Yaponiya mustamlakachilariga qarshi kurashganlar ham ular safiga qo‘shilgan. Sibirda yashaydigan koreyslar esa 1937-yilda Stalinning buyrug‘iga ko‘ra ommaviy ravishda Markaziy Osiyoga ko‘chirilgan", — deb yozadi agentlik.
Li Chjun Sik shuningdek, Qozog‘istonga ham tashrif buyuradi.