TOShKENT, 24 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning may oyida Xitoyga davlat tashrifi bilan boradi. Bu haqda Toshkentda boshlangan savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-xitoy hukumatlararo qo‘mitasining beshinchi yig‘ilishi davomida ma’lum bo‘ldi.
Muzokaralar davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsion, moliyaviy-texnik va transport-kommunikatsiya sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish muhimligini qayd etdilar.
Xitoy delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida iqtisodiyotning turli yo‘nalishlaridagi hamkorlikning ulkan salohiyatga ega ekanligini ta’kidladi va O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra tomonlar kelgusida ishlab chiqish uchun mo‘ljallangan qator amaliy loyiha va takliflarni ko‘rib chiqishni rejalashtirdilar. Temir yo‘l transporti, energetika, neft-gaz sohasi va O‘zbekistonda infratuzilmaviy obyektlarni qurishga Xitoy kompaniyalarini jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xitoy O‘zbekistonning yirik savdo hamkorlaridan hisoblanadi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,2 milliard dollardan oshgan. O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 704 korxona faoliyat yuritmoqda.