TOShKENT, 24 mar — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Yo‘lovchi tashish sohasida rahbarlik va xo‘jalik boshqaruvni amalga oshiruvchi tashkilot — "Toshshahartransxizmat" ish vaqtida uyali telefondan bemalol foydalanadigan haydovchilarni "ko‘za kunida sinishi" haqida ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, sal oldin ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtlik avtobus haydovchilarining ish vaqtida mobil telefondan foydalanishlari va hatto rul vaqtida gazeta o‘qib ketishlari tasvirlangan fotosuratlar tarqalgan edi.
Shu bois, kompaniya ana shunday haydovchilarga o‘z murojaatini e’lon qildi.
Yo‘l harakati qoidalari talablarida avtotransport harakat vaqtida haydovchini chalg‘ituvchi har qanday vositadan foydalanish ta’qiqlanadi. Xususan, avtoulov harakat vaqtida telefonda gaplashish ham O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks bo‘yicha jarimaga sabab bo‘ladi. Buni har bir haydovchi yaxshi biladi, albatta.
Lekin, ayrimlar yo‘l harakati xavfsizligi xodimi nazaridan qochib, telefonda gaplashishni kanda qilmaydi. Shaxsiy avtoulov egasi engil mashinada telefonda so‘zlashishi jamoatchilik e’tiboriga tushmasa-da, jamoat transporti haydovchisining har bir harakati yo‘lovchilar diqqat va nazaridan chetda qolmaydi. Chunki, haydovchining lahzalik chalg‘ishi qanday mudhish hodisalarga sabab bo‘lishi barchamizga kundek ayon", — deyilgan kompaniya xabarida.