TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Shahrizabzda kasb ta’limi markazi tashkil etish ishlari boshlab yuborildi, deb xabar qildi naesmi.
"Shaharda 60 o‘rinlik yotoqxonasi bo‘lgan, 240 o‘quvchiga mo‘ljallangan Kasb ta’limi markazi qurilishi loyihasini amalga oshirish uchun Koreya Respublikasi hukumatining umumiy qiymati 8,5 mln AQSh dollari bo‘lgan granti jalb etildi", — deyilgan xabarda.
Markaz davlat ta’lim muassasasi hisoblanadi va bevosita Mehnat vazirligiga bo‘ysunadi, umumiy o‘quv-uslubiy rahbarlik esa Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining o‘rta maxsus, kasb ta’limi markazi zimmasiga yuklanadi.Uning asosiy vazifalari, tuzilishi, shuningdek professional qayta tayyorlanganlik va malaka oshirganlik to‘g‘risidagi diplomning, markazda qisqa muddatli kurslarni o‘taganlik to‘g‘risidagi sertifikatning davlat namunalari qaror bilan tasdiqlandi.
Ishsizlar va vaqtincha band bo‘lmagan aholi, shu jumladan, kasb-hunar kollejlarini tugatgan va doimiy ishga ega bo‘lmagan shaxslarni o‘qitish muddati 1-yilgacha bo‘lgan vaqtni tashkil qiladi. Metallga ishlov berish va slesarlik ishlari, elektr va elektronika, axborot texnologiyalari, to‘qimachilik ishlab chiqarishi va tikuvchilik kabi yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitiladi.
Shu bilan birga Markazda ish qidirayotgan, biroq mehnat tashkilotlarida ishsiz sifatida ro‘yxatga olinmagan shaxslar, shuningdek, yillik qabulning 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan holda ish beruvchilar buyurtmalari bo‘yicha hodimlar malakasini oshirishning qisqa muddatli pulli kurslari tashkil etiladi.