TOShKENT, 23 mar — Sputnik. 25-mart kuni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaga safar qiladi. Delegatsiya bir hafta davomida Uraldagi yirik shaharlar — Chelyabinsk va Yekaterinburgga tashrif buyuradi.
Ushbu safardan maqsad O‘zbekiston va Rossiya viloyatlari o‘rtasida bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yishdir. Viloyatdagi yirik korxonalar bo‘lgan "Namangan momiq sochiqlari" MChJ va "Nafis teks grup" MChJ har ikki shaharda savdo uylarini ochishni rejalashtirgan. "Muhammadiy tekstil" MChJ esa Uraldagi sanoat korxonalariga barcha mavsumlarga mo‘ljallangan maxsus kiyimlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolash niyatida.
Delegatsiya o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, oziq-ovqat, tekstil va og‘ir sanoat yo‘nalishlarida o‘zaro biznes loyihalarni o‘rnatish bo‘yicha ham rejalarga ega, deb yozadi NUZ.UZ.
Masalan, "Namanganmash" AJ negizida Chelyabinsk va Sverdlovsk viloyatlari korxonalari ishtirokida Rossiya texnologiyalari asosida armaturalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklif etiladi.
Bugungi kunda Rossiyada Namangan korxonalari ishtirokida tashkil etilgan 24 savdo uyi faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi uch yil davomida Namangan viloyati va Rossiya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 232,4 million dollarni tashkil etdi.