TOShKENT, 23 mar — Sputnik. O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston Prezidenti hamrohligida "Nazarboyev universiteti" va "MEGA Silk Way" savdo markazini borib ko‘rdi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.
Mirziyoyev universitetning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qo‘ygan.
"MEGA Silk Way" savdo markazida savdo do‘konlari, sport va ko‘ngilochar shoxobchalar, turli ofislar joylashgan. Ushbu markaz shu yil 10-iyundan 10-avgustgacha Ostona shahrida o‘tkaziladigan "EKSPO – 2017" xalqaro ko‘rgazmasiga mezbonlik qiladigan me’moriy ansamblning muhim qismi hisoblanadi.
Bu yerda o‘zbek va qozoq xalqlarining ashula va raqslari, milliy hunarmandlik mahsulotlari namoyish etilgan.
O‘zbekiston-Qozog‘iston muzokaralari yakunida davlatlararo va idoralararo 13 hujjat imzolangan.
"Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va axil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar", — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi shu bilan yakunlangan va Nursulton Nazarboyev Mirziyoyevni kuzatib qo‘ygan.