TOShKENT, 23 mar — Sputnik. 26 mart kuni Moskva jome’ masjidida Qur’on Festivali bo‘lib o‘tadi, deb xabar qildi Moskva musulmonlari idorasi matbuot-xizmati.
Qur’on Festivali mehmonlariga muqaddas Qur’on va Islom dinining eng mashhur kishilari haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, mehmonlar Qur’onning go‘zal qiroatidan bahramand bo‘lib, Rossiyada Islom dinining paydo bo‘lishi tarixi haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin.
Mazkur tadbirda Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning masjidda saqlanayotgan muborak sochlari namoyish etiladi.
3000 kv.m. dan ziyod maydonda badiiy ko‘rgazmalar, an’anaviy va zamonaviy uslubdagi Qur’on xattotligi, "Qur’ondan ilhomlanganlar" kitoblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, dasturga "Soatlik namoz" seminar va xattotlik bo‘yicha master-klasslari kiritilgan.
Taklif qilingan mehmonlar orasida ko‘zga ko‘ringan siyosiy, diniy va jamoatchilik arboblari, chet elllik mehmonlar, shoirlar va yozuvchilar bo‘ladi.
Moskva Jome’ masjidi Ochiq eshiklar kuni kechki soat 22.00 ga qadar davom etadi va mohir hofizlarning qiroatlari bilan yakunlanadi.