TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Milliy xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari Zangiota tumanida xorijga noqonuniy tarzda valyuta olib chiqib ketishga ixtisoslashgan jinoiy guruh a’zolaridan birini qo‘lga olishdi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiriga kuch tizimi vakili xabar berdi.
"47 yoshli Ulfatbek Hojibekov toshkentlik fuqarodan 131,4 ming dollar pulni olayotganida operativ xodimlar tomonidan ushlandi. Jinoiy guruh a’zolari bu pullarni Zangiota tumanidagi aylanma yo‘llar orqali Qozog‘istonga olib chiqib ketishni rejalashtirishgan", — dedi MXX vakili.
Tezkor-surishtiruv tadbirlari natijasida Janubiy Qozog‘iston viloyatining Sariog‘och tumanida yashovchi 40 yoshli Tofik Ahmedov va 42 yoshli Karim Ahmedovlar ham guruh a’zolari bo‘lganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 182-moddasi (Bojxona qonunchiligining buzilishi") bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston fuqarolari mamlakatdan hech qanday ruxsatsiz 2 ming dollargacha naqd pulni olib chiqib ketishlari mumkin. Undan ortiq miqdordagi valyutani olib chiqib ketish uchun Markaziy bank ruxsatini olish lozim bo‘ladi. Xorijliklar esa O‘zbekistonga kelayotganida o‘zlari bilan olib kelgan hamda bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan miqdordagi naqd pulni olib chiqib ketishlari mumkin.