TOShKENT, 9 mar — Sputnik. O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati xorijga kontrabanda olib chiqib ketayotgan navbatdagi qonunbuzarni qo‘lga oldi, deb xabar berdi kuch tizimi vakili Sputnik O‘zbekiston muxbiriga.
Poytaxt aeroportida Toshkent-Moskva reysi yo‘lovchilaridan biri xavfsizlik xizmati xodimlarida shubha uyg‘otdi. U Rossiyaga pochta olib ketayotgan O‘zbekiston davlat feldyeger xizmati militsiya kapitani, 48 yoshli Dilshod Shomuqimov bo‘lib chiqdi.
"Tekshiruv chog‘ida D.Shomuqimovning kurtkasi ichki cho‘ntagidan 35 ming dollar, bel qismidan ham 35 ming dollar, galstugi orasidan 4,3 ming rossiya rubli va 2,5 ming dollar, kurtkasining pastki cho‘ntagidan 100 dollar topildi. Bundan tashqari, militsiya kapitani yonidan Beeline va Ucell kompaniyalarining 450ta sim-kartasi chiqdi. Valyuta va sim-kartalar bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan", — dedi MXX vakili.
Shomuqimovdan protsessual tartibda jami 72,6 ming dollar, 4,3 ming rossiya rubli va 450 dona sim-karta musodara qilindi. Ushbu holat yuzasidan MXX organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bugungi kunda jinoyat olami vakillari taqiqlangan yuklar kontrabandasida havo kemalaridan tez-tez foydalanishmoqda. Aeroport va samolyotlarga terrorchilik hujumlari xavfi ham ortib bormoqda.
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati mahalliy va xorijga qatnovchi samolyotlar xavfsizligini ta’minlash uchun tegishli choralarni ko‘rmoqda.
MXX shuningdek, aeroportlar orqali tovar-moddiy boyliklar, xorijiy valyuta, qimmatbaho metallar, zargarlik buyumlari va dori-darmonlarning noqonuniy olib o‘tilishiga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib bormoqda, giyohvandlik va psixotrop moddalar tashuvining oldini olmoqda.