TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Olma-Ota-2 temir yo‘l vokzalidan Olma-Ota-Toshkent tezurar poyezdining ilk reysi yo‘lga chiqdi, deb xabar bermoqda Sputnik Qozog‘iston.
Poyezd O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi arafasida tantanali ravishda yo‘lga tushdi.
Ushbu voqeaga bag‘ishlangan marosimda "Kazaxstan temir joli" (KTJ) AJ rahbariyati, Olma-Ota hokimligi, temir yo‘l sohasi faxriylari ishtirok etdilar. KTJ vitse-prezidenti Erik Imashev tantanali nutqida O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlari farovonligiga xizmat qiluvchi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha mamlakatlar rahbarlarining kelishuvini amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
"Poyezd Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan "Tұlpor-Talgo" vagonlaridan tashkil topgani yoqimli holat. Yo‘lovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bunga safar davomida o‘zlari guvoh bo‘lishadi", — dedi Erik Imashev.
Olma-Ota-Toshkent poyezdida yo‘l kira haqi lyuks — 13036 tenge, biznes- 11077 tenge, kupe — 9342 tenge va o‘rindiqli joylar — 4228 tengeni tashkil etadi.
Poyezd Olma-Otadan dushanba va shanba kunlari, Toshkentdan seshanba va yakshanba kunlari otlanadi. Manzilga 16 yarim soatda yetib boradi. Poyezd yo‘l davomida Otar, Chu, Taraz, Chimkent, Sariog‘och stansiyalarida to‘xtab o‘tadi.
Ostona va Toshkent imkoniyati cheklangan va ularga hamroh yo‘lovchilar uchun 70% miqdorida chegirma berish to‘g‘risida kelishib olishdi.