TOShKENT, 22 mar — Sputnik. Navoiy — Konimex — Miskin temir yo‘l trassasi yo‘nalishi Buxoro — Miskin yo‘nalishiga o‘zgartirilishi bois "Navoiy — Konimex — Miskin temir yo‘l qurilishi" investitsiya loyihasi optimallashtiriladi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu boradagi qarorga imzo chekdi. Endilikda loyiha "Buxoro — Miskin temir yo‘l qurilishi" deb nomlanadi.
Loyihani amalga oshirishdan maqsad Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini yagona transport yo‘nalishiga birlashtiruvchi turistik yo‘nalishlarni shakllantirishdir.
Bundan tashqari, ekspertlarning fikricha, bu Qoraqalpog‘iston, Buxoro va Xorazm viloyatlarining transport infratuzilmasini yanada rivojlantiradi.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ va vakolatli ekspertiza organlari bilan birgalikda temir yo‘l qurilishining yangilangan texnik-iqtisodiy asosini, trassada vujudga keladigan o‘zgarishlarni hisobga olgan holda «Buxoro — Miskin temir yo‘l qurilishi» loyihasini 2017-yil 1-iyulgacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlashga kiritishi lozim.
O‘z navbatida, Moliya vazirligi, respublika tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Milliy bank hamda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ ushbu qarordan kelib chiqqan holda avval berilgan davlat kafolatiga va kredit bitimlariga o‘zgartirishlar kiritadi.