TOShKENT, 21 mar — Sputnik. 2016-yilda jismoniy shaxslar tomonidan Rossiyadan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari miqdori 2,741 mlrd dollarni tashkil qildi. Ushbu raqam Rossiya Markaziy banki saytida joylashtirilgan statistik ma’lumotlarda keltirilgan.
O‘zbekiston MDH davlatlari orasida pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha yetakchi hisoblanadi va barcha kontragent davlatlar (o‘zaro tashqi savdo aylanmasi amalga oshiruvchi davlatlar) o‘rtasida Shveysariyadan keyin (5,1 mlrd dollar) 2-o‘rinni egallamoqda.
Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 2016-yilning 1-choragida 378 mln dollar (MDHda 1-o‘rin), 2-chorakda — 696 mln dollar (1), 3-chorakda — 939 mln dollar (1) va 4-chorakda 728 mln dollar (1) jo‘natilgan.
2016 yil natijalariga ko‘ra, norezidentlar tomonidan bir pul o‘tkazmasining o‘rtacha qiymati 312 dollarni tashkil qilgan.
O‘tgan yili MDH davlatlari o‘rtasida Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha 2-o‘rinni Tojikiston (1,9 mlrd dollar), 3-o‘rinni Qirg‘iziston (1,7 mlrd dollar) va 4-o‘rinni Ukraina (1 mlrd dollar) egallagan.
2015 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga 3,059 mlrd dollar yuborilgan bo‘lib, norezidentlar tomonidan bir pul o‘tkazmasining o‘rtacha qiymati 353 dollarga teng bo‘lgan.