TOShKENT, 21 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 28-fevraldagi "2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq Navro‘z bayrami bu yil mamlakatda umumxalq sayli sifatida nishonlanmoqda, deb xabar qilindi O‘zbekiston TIV rasmiy saytida.
Xabarda Shavkat Mirziyoyev bayram sayliga chiqqani aytilgan.
Bog‘ hududi "Navro‘zi olam muborak!", "Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!", "2017-yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" kabi shiorlar, xushbo‘y gulu chechaklar bilan bezatilgan. Turfa rang bayroqchalar hilpiraydi, rango-rang sharlar mayin epkinlarda tebranadi.
Saylda xalqimizning tarixi, madaniyati, urf-odat va an’analarini aks ettirgan ayvonlar, yo‘lak bo‘ylab ustayu hunarmandlar, ganchkorlar, kashtado‘zu chevarlar milliy liboslarimizni, do‘mbira, doira kabi xalq cholg‘u asboblarini, milliy buyumlarni namoyish etmoqda.
Davlatimiz rahbari ko‘rgazmaga qo‘yilgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Ustalar bilan suhbatlashib, bayram bilan tabrikladi.
Prezidentimiz bayram saylida ishtirok etayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari bilan ko‘rishib, ularni bayram bilan muborakbod etdi.
Mo‘ylovi sabza urgan yigitlar ko‘klam o‘yini – chillak, zuvillatar, norg‘ul yigitlar ot jilovini erkin qo‘yib-chopishib, bellashadi. Qoqiguldan boshiga chambaraklar taqib olgan qizlar qoshlariga o‘sma tortishadi. “Besh tosh”, “Mak-mak” va ”Oq terakmi, ko‘k terak?” o‘yinlari, Navro‘z sayli qatnashchilarini xushnud etadi. Doshqozonlarda qaynagan sumalak ifori olamni tutadi. Sochlariga jamalak taqqan qizlar sho‘x-shodon raqsga tushadi.
Ertamizning egalari bo‘lgan bolalar chiqishlari, ularning sho‘x-shodon kulgulari, mustaqil yurtning barkamol farzandlari ijrosidagi ona Vatanni, ko‘klamni, baxtiyor bolalikni madh etuvchi jarangdor kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar barchaga zavq-shavq ulashadi. Navro‘z, yoshlik va barkamollikning naqadar uyg‘unligi ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi.
So‘rilarda qo‘r to‘kib o‘tirgan otaxonlar yana bir bahor bilan yuzlashganiga shukrona keltirib, yurt obodligi, xalq farovonligidan so‘z ochadi. Davlatimiz rahbari otaxonlar bilan suhbatlashdi. Qo‘llar duoga ochildi.
– Navro‘z nafaqat o‘zbek xalqining, balki shu zaminda hamjihatlikda istiqomat qilayotgan barcha millat vakillarining eng go‘zal bayramlaridan biriga aylangan. Davlatimiz rahbarining bizga ko‘rsatayotgan hurmat va ehtiromi, g‘amxo‘rligi uchun minnatdormiz, – deb davlat rahbariga minnatdorlik bildirgan boshqirdiston milliy madaniy markazining "Agidel" madaniy jamoasi rahbari Emma Magiyarova".
O‘zbekistonning barcha shahar va qishloqlarida Navro‘z sayllari davom etmoqda.