TOShKENT, 20 mar — Sputnik. 21 mart kuni Novosibirsk shahri meri Anatoliy Lokot va O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda merlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida shuningdek, respublikaning Novosibirskdagi bosh konsuli Ravshanbek Matchonov, elchining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Otabek Boboyev, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, "O‘zpaxtasanoateksport" xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi Akmal Kamolov (2014-2015 yillarda O‘zbekistonning Rossiyadagi sobiq elchisi) bor.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Novosibirsk o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Novosibirskdagi qator korxonalar, "Novosibirsk" agroparki, sanoat-logistika parki, "Novosibirsk-Ekspotsentr" ko‘rgazma majmuasiga tashrif buyurishi hamda xalqaro davra suhbatida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.