Farg‘onada Navro‘z sayllari o‘lanu-laparlar askiya va sumalak bilan o‘tmoqda

© Sputnik / Xulkar IbragimovaToshkentda Navruz
Toshkentda Navruz - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Prezidentning Navro‘z bayramini tantanali o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, bu yil Navro‘z O‘zbekistonning barcha qishloq, tuman va shaharlarda umumxalq sayli, tantana va milliy urf-odatlar bilan kutib olindi.

TOShKENT, 20 mar — Sputnik. Respublikaning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Farg‘ona viloyatida ham Navro‘z tantanalari va xalq sayllari bo‘lib o‘tmoqda.

Farg‘onaning So‘x, Beshariq, Yozyovon va Dang‘ara tumanlarida saylga kelgan aholi oldida taniqli shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, ma’naviyat targ‘ibot guruhlari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari keksa otaxonu onaxonlar holidan xabar olib, ularning ko‘ngillarini ovladilar.

Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev vo vremya vizita v Surxandarinskuyu oblast - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev A.Qodiriy istirohat bog‘ida saylda qatnashdi

Quvasoy shahridagi “Kamolot” bog‘ida bo‘lib o‘tgan sayl ham barchaga bir olam quvonch ulashdi. Ashula va raqs xalq ansambllari, folklor-etnografik va turli badiiy jamoalar, taniqli estrada xonandalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, o‘lanu laparlar, askiya va raqslar barchada katta taassurot qoldirdi. Dorbozlarning chiqishlari, doshqozonlarda pishirilgan sumalak, tashkil etilgan turli ko‘rgazmalar ishtirokchilarga xushnudlik ulashdi. Momolarning childirma jarangiga mos laparlariga kelinlardan tortib, jamalaksoch qizlargacha raqsga tushdi.

Qo‘shni davlat chegarasiga yaqin hududida joylashgan “Polmon”, “Nayman”, “Bog‘bon”, “Hamdo‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham sumalak pishirilib, hududning o‘ziga xos Navro‘z udumlari asosida keng nishonlandi. Ayniqsa, “Kelin salom”, “Yor-yor”, “Oq terakmi, ko‘k terak” kabi marosim va milliy o‘yinlarda tomoshabinlar ko‘p bo‘ldi.

So‘xda Navro‘z bayrami asosan qiru adirlar, keng yaylovlar bag‘rida o‘tadi. Yoshi ulug‘lar Navro‘zga yetkazganiga shukronalar aytib, “Omonlik, omonlik – hech ko‘rmaylik yomonlik”, deya niyat qiladi. Shunday bayram shodiyonasi vaqtida keksalar Navro‘z ta’qiqlangan vaqtlarni ham eslashdi.

“Yoshim 82da. Ne kunlarni ko‘rmadik. Navro‘z taqiqlangan vaqtlar ham bo‘ldi. Lekin har qanday holatda ham, qon-qonimizga, suyak-suyagimizga singib ketgan, vujudimizga quvvat, ruhimizga tetiklik bag‘ishlaydigan, qalbimizni yashash va yasharish tuyg‘usi bilan ruhlantiradigan Navro‘zni xalqimiz unutmadi”, deydi so‘xlik Boborustam buva.

Bayram shodiyonalariga badiiy jamoalar ham qizg‘in hozirlik ko‘rdi. “So‘x chashmasi” folklor-etnografik ansambli badiiy rahbari Tojiboy Yusupov aytishiga qaraganda turli yoshdagi havaskor ijrochilardan iborat ijodiy jamoa Navro‘zga bag‘ishlab “Sumalak“, “Ey, sanam”, “Navro‘z muborak!”, “Sarak-sarak”, “Chol keldi” singari qo‘shiq va raqslar tayyorlagan.

Ravon qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan umumxalq sayli ko‘pkari, tosh ko‘tarish, arqon tortish singari milliy o‘yinlar, turli ijodiy ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalariga ulanib ketdi. Bemorlar, kam ta’minlangan oilalar, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj kishilar holidan xabar olinib, bayram sovg‘alari topshirildi.

Barcha tuman va qishloqlarida Navro‘z sayli davom etmoqda. “Jahon” axborot agentligi xabari  asosida.

Yangiliklar lentasi
0