TOShKENT, 20 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Sh.Mirziyoyevning Farmoni bilan Abdurahmon Abduvaliyev O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
U ayni paytga qadar Avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi ("O‘zavtoyo‘l" DAK) boshqaruvi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan edi.
O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolangan yana bir hujjatga binoan Shuhrat Nazarov O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi Farmoni bilan "O‘zavtoyo‘l" DAK faoliyati tugatilib, uning negizida Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tashkil etildi.
Prezidentning "O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori bilan tasdiqlangan qo‘mita tashkiliy tuzilmasiga asosan, yangi tashkil etilgan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari — moliya-iqtisodiyot, iqtisodiy tahlil va istiqboldagi rivojlanish, sanoatni rivojlantirish, xalqaro aloqalar hamda tashqi iqtisodiy aloqalar masalalariga rahbarlik qiladi.