TOShKENT, 19 mar — Sputnik. Shavkat MIrziyoyev tomonidan imzolangan yangi qarorda aholining keng qatlamlari uchun mikrokreditlar berishning butunlay yangi mexanizmi tasdiqlandi, deb xabar qilmoqda Uzbekistan Today.
Qarorga ko‘ra, yangi ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga va yuridik shaxs tashkil qilmagan oilaviy pudratchilarga va aholining boshqa qatlamlariga mikrokreditlar berish tartibi osonlashtirildi.
Beriladigan mikrokreditlar qaymati eng kam ish haqqining 20 baravarigacha bo‘lishi mumkin. Mikrokreditlar kafolati sifatida, kredit evaziga sotib olingan mahsulotlar yoki asbob-uskunalar qabul qilinishi mumkin.
Qo‘shimcha tartibda mikrokreditlar hajmi eng kam ish haqqining 60 baravarigacha oshirilishi mumkin. Buning uchun aholi o‘z-o‘zini boshqarish organining (mahalla qo‘mitasi) kafolati kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston Markaziy bankiga bir oy davomida yuqorida ko‘rsatilgan mikrokreditlar berish tartibini tasdiqlash topshirilgan.
Shuningdek, karorda bir oy davomida har bir viloyatda tadbirkorlarga mikrokreditlar evaziga sotishga mo‘ljallangan qishloq xo‘jalik va maishiy texnika, asbob-uskunalar, qurilish mollari va boshqa mahsulotlar yetkizib beruvchi korxonalar ro‘yxati belgilanishi kerak, deyilgan.