Qishloqda ham chiqindi tashlash joyi zarur

© Sputnik / Irina Kalashnikova / Mediabankka o‘tishParijdagi musor qutilari
Parijdagi musor qutilari - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Qishloqda chiqindixona bo‘lmasa, aholi musorni qayerga tashlaydi? - Yo‘l chetiga, soyga, ariqqa va boshqa joylarga. Oqibatida iflosgarchilik va turli kasalliklar kelib chiqadi. Atrof-muhit ekologiyasm va insonlar madaniyati buziladi.

TOShKENT, 17 mar — Sputnik. O‘zbekistonning ko‘plab qishloqlarida chiqindi tashlaydigan maxsus joy va chiqindilarni olib ketish xizmatlari tashkil qilinmagan. Buning oqibatida qishloqlarda nafaqat ekologik vaziyat, balkim odamlar orasidagi munosabatlar ham yomonlashmoqda.

Zarafshon nashri muallifi Anvar Mustafoqulov yozishiga qaraganda, Samarqand viloyatiing Urgut tumanidagi Mo‘minobod mahallasida yaqinda aynan chiqindi sabab uch-to‘rt oila o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Gap shundaki, xonadonlarda to‘plangan chiqindilar shu hududni kesib o‘tgan soyga tashlanarkan. Mahallaning quyi qismida yashovchilar esa bahor kelib, qorlar eriy boshlagach, shu soydan oqadigan suvdan foydalanishadi.

Chiqindini qayta ishlash - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda chiqindi to‘plash tizimi achinarli ahvolda

Keyinroq, ikki o‘rtada yuzaga kelgan vaziyat chiqindini boshqa soyga tashlashga kelishuv bilan nihoyasiga yetdi, lekin muammo haligacha oxirigacha hal qilingani yo‘q.

Mahalla vakillari aytishiga qaraganda soy suvidan yaqin-yaqingacha hatto iste’mol uchun foydalanish mumkin bo‘lgan. Mahallaga so‘nggi marta besh yil oldin  chiqindi tashlash masalasida tuman obodonlashtirish bo‘limi vakillari kelgan. Ammo hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan. Shundan buyog‘iga yana barcha o‘z bilganicha ish tutmoqda. Atrof-muhit ifloslanmoqda, ekologik vaziyat yomonlashmoqda. Bu holat esa hozircha na tuman obodonlashtirish bo‘limini, na tuman davlat sanitariya-epidemiologiya markazini va na tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasini tashvishga solayotgani yo‘q.

Vazirlar Mahkamasining "Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatdan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish" to‘g‘risidagi qarori e’lon qilinganiga uch yildan oshdi. Unga ko‘ra, har bir aholi punktida, jumladan, qishloq hududlarida chiqindi tashlash joylari tashkil etish, mavjud chiqindilarni belgilangan vaqtda tashib ketish yo‘lga qo‘yilishi lozim edi. To‘g‘ri, mazkur huquqiy hujjat asosida Urgut tuman obodonlashtirish bo‘limida sanitar tozalash uchastkasi tashkil etildi, grafik asosida har bir mahalladan haftada uch marta chiqindini tashib ketish belgilandi. Ammo amalda bugun chiqindi to‘plash va tashish tuman markazi va ayrim qishloqlardagina yo‘lga qo‘yilgan. Unda ham chiqindi haftada ikki marta tashib ketiladi.

Afsuski, tuman markazining barcha mahallalarida ham chiqindi tashish yo‘lga qo‘yilmagan. 

– Hovlimizda bir yarim oydan beri to‘plangan qattiq chiqindilar bitta xonamizni to‘ldirib turibdi, – deydi Do‘stlik mahallasida yashovchi Munavvara aya. – O‘tgan yillari chiqindini tashib ketish uchun oyda ikki marta mashinalar kelib turardi. Ammo keyingi vaqtda shu ham yo‘qoldi. 

2016 yilda tuman markazida 8x10 metrli alohida chiqindi tashlash joylari tashkil etildi, uchta chiqindi to‘plash poligonlari tartibga keltirildi, maxsus avtotarozi o‘rtatildi. Undan tashqari 2014-2015 yillar davomida 20 dona maxsus chiqindi tashish mashinasi olib kelindi. Tumandagi barcha chiqindilarni olib chiqish va ko‘mib tashlash uchun "Ilonsoy" chiqindixonasi tashkil etildi.

Shunga qaramay, bugun aksariyat qishloqlarda na maxsus chiqindi tashlash joylari va na uni tashib ketish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa aholi turmush madaniyati, atrof-muhit musaffoligi, obodonlashtirish borasidagi ishlarga soya solib turibdi.

 

Yangiliklar lentasi
0