TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Camarqand viloyat davlat soliq boshqarmasida jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlarini deklaratsiyalash tizimi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi "Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
Soliq kodeksining 189-moddasida jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan daromad turlari belgilab berilgan. Ikki yoki undan ortiq daromad manbalariga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar 1-aprelgacha ushbu moddada ko‘rsatilgan daromad turlari bo‘yicha jami yillik deklaratsiyani o‘zlari yashayotgan hududdagi soliq organiga taqdim etishi lozimligi mutaxassislar tomonidan qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori ijrosi yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu qarorga ko‘ra, joriy yilning 1-martidan boshlab tadbirkorlik subyektlari, jumladan, yakka tartibdagi, chakana savdo va pullik xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar plastik kartochkalar vositasida to‘lovni ta’minlovchi hisob-kitob terminalini o‘rnatmasdan faoliyatini amalga oshirishi mumkin emas. Terminallardan foydalanish tartibini buzish eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.
"Ushbu qaror ijrosi yuzasidan davlat soliq xizmati organlari tomonidan viloyat hududidagi barcha savdo va pullik xizmat ko‘rsatish obyektlari xatlovdan o‘tkazildi, – dedi boshqarma katta inspektori Yolqin Mamatov. – Xatlov natijalariga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan 13 ming 579 ta shoxobchaning 11 ming 778 tasi, ya’ni 87 %i to‘lov terminali bilan jihozlangani aniqlandi.
To‘lov terminali yo‘q 1801 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan tijorat banklariga belgilangan tartibda terminallar ajratish yuzasidan arizalar kiritilgan".