TOShKENT, 16 mar — Sputnik. O‘zbekistonda bugungi kunda moddiy-texnik va o‘quv-metodik bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan 4 ta akademik litsey faoliyati tugatiladi. Tugatilayotgan akademik litseylarning 1-bosqichlariga o‘quvchilarni qabul qilishni 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab to‘xtatiladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga tayanib "Podrobno.uz" xabar bermoqda.
Kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan akademik litseylarning 2- va 3-bosqich o‘quvchilari o‘qishni tugatgach, yaqin hududda joylashgan, ta’lim yo‘nalishi o‘xshash bo‘lgan akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradi va davlat namunasidagi akademik litsey bitiruvchisi diplomini oladi.
Qarorga muvofiq, shuningdek, oliy ta’lim muassasalaridan uzoqda joylashgan, ta’lim sifati va bitiruvchilarining institut va universitetlarga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan 54 ta akademik litsey bosqichma-bosqich kasb-hunar kollejlariga aylantiriladi.
O‘zbekistonda 1411 ta kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalari qoshida 144 ta akademik litsey faoliyat yuritmoqda. Har yili o‘rtacha 35 ming nafar o‘g‘il-qiz akademik litseylarni bitirishadi.