TOShKENT, 15 fev — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga eng ko‘p shikoyat ichki ishlar vazirligi tizimi ustidan tushgan. Bu haqda qabulxonaning 4 oylik faoliyatiga bag‘ishlangan statistikada ma’lum qilindi.
Statistikadan ma’lum bo‘lishicha, eng ko‘p — 46999 murojaat ichki ishlar vazirligiga ijroga yuborilgan va ijrosi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.
Yana deyarli shuncha — 46339 murojaat Toshkent shahri hokimligiga ijro uchun yuborilgan. Murojaatlar Toshkent shahri aholisi tomonidan ko‘p yuborilishi internet foydalanuvchilarining eng katta qismi aynan Toshkent shahriga to‘g‘ri kelishi bilan bog‘liqligi aytiladi.
Viloyatlardagi mas’ul tashkilotlar orasida "birinchilik" Toshkent viloyati hokimligiga tegishli — 20616 murojaat. Farg‘ona va Andijon viloyatlari hokimliklari har biri 12 mingdan ortiq murojaat bilan mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinda qayd etilgan.
"PM.gov.uz portali" 2016-yilning 24-sentabrida faoliyat boshlagan.
Portalda aytilishicha, 2017-yil 24-yanvar holatiga 409 ming murojaat kelib tushgan va 334 mingdan ortiq murojaat ko‘rib chiqilgan.