TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Bugun 15-mart Xalqaro istemolchilar kuni. Ushbu munosabat bilan O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ushbu yil e’lon qilingan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da Federatsiya fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqot tashkil etish maqsadida har oyning ikkinchi o‘n kunligida mahalliy qo‘mita va markaziy apparat rahbarlarining aholi bilan muloqot qilish kunlari belgilangan. Muloqot kunlarida aholi savollariga javob berish bilan bir vaqtda iste’molchilar uchun huquqiy maslahatlar ham tashkil etildi.
Bundan tashqari fuqarolar o‘z murojaatlarini istalgan vaqtda www.istemol.uz veb sayti yoki 1091 raqamli ishonch telefoni orqali federatsiyaga yuborishlari mumkin.
O‘tgan yil natijalariga ko‘ra o‘zbekistonlik iste’molchilar ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanmoqda. 2016 yilda Federatsiyaga iste’molchilardan salkam 10 mingta (9908ta) ariza kelib tushgan. Arizalarning 93% (9222tasi) ijobiy hal qilinib, iste’molchilarga yetkizilgan 3 860 414 so‘mlik zarar qayta hisob kitob qilib berilgan.
Mazkur muloqotlarda kelib tushgan savol va muroojatlarning aksariyati gaz ta’minoti – 29%, savdo-sotiq sohasidagi muammolar – 15 % va shuningdek elektr energiyasi, issiqlik manbai, ichimlik suvi, sog‘liqni saqlash, jamoat transporti sohalaridagi kamchiliklar yuzasidan bo‘lgan.
Anjumanda qayd etilishiga qaraganda, iste’molchilar huquqiy savodxonligini oshirish Federatsiya faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Ushbu maqsadda TV, matbuot va internet orqali targ‘ib ishlari olib borilmoqda, maqolalar chop etilmoqda. Yangi yilning yanvarilan boshlab federatsiya o‘z gazetasini ham chop etmoqda. “Iste’mol madaniyati” gazetasi buguni kunda 6000 nusxada chiqarilmoqda.
Targ‘ibot ishlari ayniqsa yoshlar orasida keng ko‘lamda olib borilmoqda. Respublikaning barcha hududlarida “Men yosh iste’molchiman” nomli ko‘rik tanlovlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Iste’molchilar federatsiyasi chet mamlakatlar iste’molchilar federatsiyalari bilan ham aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda. 2016-yilda Federatsiya vakillari Hindiston va Ozarbayjonga sayohat qilib ushbu mamlakatlar Iste’molchilar federatsiyalari bilan anglashuv memorandumlari imzolashdi.