TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. O‘tgan yili Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o‘zbekistonlik iste’molchilarga noqonuniy hisoblangan 3,8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘larini qaytarib berdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
2016 yilda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga fuqarolardan yozma, og‘zaki va elektron shaklda deyarli 10 mingta murojaat kelib tushgan, ulardan 9,2 mingtasi ijobiy hal qilingan.
Iste’molchilardan tushgan shikoyatlarning 30%ini tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha muammolar, 25%ini — savdo sohasi, 15%dan ortig‘ini elektr ta’minoti, 3,5%ga yaqinini kommunal xizmatlar, 3%dan ortig‘ini suv ta’minoti masalalari tashkil etadi. Aloqa, transport va sog‘liqni saqlash sohasidagi shikoyatlar 1,5%dan, boshqa sohalardagi shikoyatlar 20,5%ga teng.
Hozirda fuqarolar murojaatlarini qabul qilishni samarali tashkil etish maqsadida federatsiyaning virtual qabulxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, ariza, taklif va shikoyatlar rasmiy sayt orqali onlayn tarzda ham qabul qilinadi. Shuningdek, tashkilotga "ishonch telefoni" orqali ham murojaat qilish mumkin.
Federatsiya iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bilan birgalikda aholining, xususan, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish borasida mutasaddi vazirlik va muassasalar bilan birgalikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda.
Shuningdek, mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil natijalari bo‘yicha hukumatning kengaytirilgan majlisida so‘zlagan nutqidagi vazifalardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi barcha hududiy birlashmalar va tuman jamiyatlarida "Iste’molchi bilan muloqot" yuridik xizmatini yo‘lga qo‘yishga kirishdi. Bu esa federatsiyaga fuqarolar bilan joylarda ishlash bo‘yicha yanada aniq va bir tekis faoliyat yuritish imkonini beradi.