TOShKENT, 15 mar — Sputnik. 2017-yilning 13-14-mart kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston-Qirg‘iziston vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Dinara Kamolova boshchilik qildi.
Qayd etilganidek, 2016-yilning 24-dekabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv, so‘ngra O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh viloyatlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirokidagi ikki tomon hukumat delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari, manfaatdor biznes doiralar o‘rtasidagi aloqalar, davlatlararo chegaralarni huquqiy rasmiylashtirish borasida davom etayotgan muzokaralar serqirra O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarining yangi dinamikasini namoyon etadi.
O‘zaro manfaatli bo‘lgan barcha sohalarda aloqalarni rivojlantirish, jumladan O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi e’tirof etildi.
Maslahatlashuvlar doirasida konsullik masalalari va axborot sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha guruhlarning uchrashuvlari ham o‘tkazildi.