TOShKENT, 14 mar – Sputnik. Singapurning Indorama guruhi kompaniyalari O‘zbekistonda kimyo sohasida yangi qo‘shma korxona ochishni rejalashtirgan, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga “O‘zkimosanoat” vakili.
Yangi qo‘shma korxona “Farg‘onaazot” asosida tashkil qilinib, melamin va formaldegid kabi mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
“Yaqin bir necha kun ichida biz singapurlik hamkorlar bilan shartnoma imzolashni rejalashtirganmiz. Loyihaning umumiy qiymati 125 million dollardan ortiq bo‘ladi. Yangi korxona yiliga 30 ming tonna mahsulot ishlab chiqaradi. Mahsulot to‘laligicha eksportga chiqariladi”, — dedi muassasa vakili.
Uning so‘zlariga qaraganda loyiha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastaval memorandum imzolanadi, keyin loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi. Singapurlik korxona yangi zavodning ilk mahsulotini 2019-yilda ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
“Hozircha, teng mablag‘ hisobiga qo‘shma korxona tashkil qilish haqida kelishuv bor, lekin muzokaralar davom etmoqda, tomonlar ulushi o‘zgarishi ham mumkin”, — deydi vakil.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida O‘zbekiston xususiylashtirish va monopoliyadan chiqarish qo‘mitasi va Indorama yana bir qo‘shma korxona tashkil qilish haqida kelishib olishgan edi. Indorama Kokand Fertilizers Qo‘qon superfosfat zavodi asosida qurilib, u yerda respublikada oldin ishlab chiqarilmagan dikalsiyfosfat, kaliy sulfati va azotn kislotali kaliy kabi yangi o‘g‘it turlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Yangi yaratilgan qo‘shma korxonada chet el investori ulushi 75% ni tashkil qildi. Sarmoyador 80 mln $ investitsiya kiritishni o‘z bo‘yniga olgan.