TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Shu kunlarda chet el ommaviy axborot vositalarida Ozarbayjonda ayollar va erkaklar uchun pensiyaga chiqish yoshi o‘zgartirilgani haqida xabarlar tarqatildi.
MDH davlatlarida bu ko‘rsatkich necha yoshni tashkil etishini qarab chiqamiz.
Demak, Belarusda pensiya yoshi 2022-yilga borib o‘zgarishi kutilmoqda. O‘tgan yil aprel oyida mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko imzolagan farmonga muvofiq 2022-yilga kelib ayollar 58 yoshdan, erkaklar 63 yoshdan pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘ladilar.
Qo‘shni Qozog‘istonda yoshga doir o‘zgarishlar kelgusi yilda muhokama qilinishi kutilmoqda.
Ayni vaqtda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonda pensiyaga chiqish yoshi — ayollar uchun 58 yosh, erkaklar uchun — 63 yoshni tashkil qiladi. Turkmaniston va Moldovada bu ko‘rsatkich — 60(ayollar) va 63(erkaklar) yosh etib belgilangan.
MDH davlatlari orasida nafaqa yoshining eng past ko‘rsatkichi — O‘zbekiston, Rossiya va Belarussiyada. Bu davlatlarda ayollar — 55, erkaklar esa — 60 yoshdan nafaqaga chiqishlari mumkin.