TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Joriy yil 6-mart kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri Kat mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan uydan 10 yoshli o‘g‘il bolaning o‘tkir tig‘li jism bilan ko‘p marotaba jarohat yetkazilgan holdagi jasadi topilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV matbuot-xizmati xabar tarqatmoqda.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlar jarayonida mazkur mudhish jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchi shaxs Kasbi-Kogon yo‘lida ketayotganida shu hududda xizmat olib borayotgan Kasbi tumani IIB Huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi militsiya tayanch punkti profilaktika inspektori leytenant Shuhrat Murodov tomonidan qo‘lga olingan.
Qarshi shahrida yashovchi 1982-yilda tug‘ilgan shaxs ushbu qotillikni sodir etganlikda gumonlanmoqda. Uning uyidan temir sandiqning kesilgan qoldiqlari hamda sumkasidan jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan pullar, obligatsiyalar va sariq metalldan tayyorlangan zargarlik buyumlari daliliy ashyo sifatida olingan.