TOShKENT, 10 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammolar va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev IIV xodimlari faoliyatini tanqid qilish bilan birga yana bir tashvishli holat xorijga ketgan O‘zbekiston fuqarolari masalasiga ham e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston prezidenti haftaning payshanba kunini jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni, deb e’lon qilishni taklif etdi.
Shu kuni hududlar prokurorlari va ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari mahalliy telekanallarda chiqishlar qilib, sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari, oldini olish bo‘yicha tadbirlar va profilaktikasi haqida axborot beradi.