TOShKENT, 11 mar — Sputnik. 2017 yil 08-mart kuni tungi soat 01.20larda Farg‘ona shahar IIB navbatchilik qismiga Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar qilgan O‘zbekiston IIV matbuot-xizmati.
Fuqaroning so‘zlariga qaraganda, uch nafar noma’lum shaxslar temir jism bilan qurollangan holda uning xonadoniga bostirib kirishib, unga tan jarohati yetkazishib, 2600 AQSh dollari va "Jentra" rusumli avtomashinasini egallab, noma’lum tomonga yashirinishgan.
Holat yuzasidan olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida, jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan "Jentra" rusumli avtomashinani shaharning Oltin kuz ko‘chasida noma’lum shaxslar boshqarib ketishayotganligi aniqlanib, ular Farg‘ona viloyati IIB PPX va JTSBga bevosita bo‘ysunuvchi Farg‘ona bataloni xamda Farg‘ona shahar IIB xodimlari tomonidan ushlangan.
Shuningdek, gumonlanuvchilarning yonidan jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan 900 AQSh dollari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Mazkur bosqinchilik jinoyatini 1992-yilda va 1993-yilda tug‘ilgan ikki nafar qiz hamda 1997-yilda tug‘ilgan yigit birgalikda, oldindan jinoiy til biriktirib sodir etishgani aniqlangan.