TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Milliy xavfsizlik xizmati Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari IIB xodimlari bilan hamkorlikda ikki nafar ayolning o‘z farzandlarini sotib yuborishlarining oldini olishdi, deb xabar berdi kuch tizimi xodimi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Hazorasp tumanilik 23 yoshli Poshshaxon Ro‘zimova farzandini 1000 dollarga sotishni rejalashtiradi. Ayol to‘rt yoshli qizi uchun aytilgan miqdordagi pulni olayotganida ushlandi.
Hazorasplik yana bir 22 yoshli Zubayda Xo‘jayeva ham uch yoshli qizalog‘ini 1500 dollarga pullayotganida qo‘lga olindi.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Ro‘zimova va Xo‘jayevaga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi ("Odam savdosi") bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Bugungi kunda odam savdosi jahondagi eng dolzarb muammolardan biri sanaladi. O‘zbekistonda ushbu illatga qarshi jiddiy kurash olib borilmoqda. Xususan, "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun va O‘zbekiston Prezidentining "Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida"gi qarori bu borada tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy xalqaro kelishuvlarni ratifikatsiya qilgan. Biroq, ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishi kuzatilmoqda.