TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi davomida aholi farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan bir qancha loyihalar bilan tanishmoqda, deb xabar berdi uz24.uz.
Prezident Buxoro shahridagi "Buxoro brilliant silk" O‘zbekiston — Xitoy qo‘shma korxonasida bo‘ldi.
2010 yilda tashkil etilgan, zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxonada pilla qayta ishlanib, turli o‘lcham, ko‘rinish va rangdagi matolar tayyorlanmoqda. Matoga bosilgan gullarning o‘ziga xosligi shundaki, ularning rangi o‘chmaydi, suv va quyosh nuriga chidamli.
Tayyor mahsulotni eksport qilish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilyapti.
Ayni paytda "Buxoro brilliant silk" qo‘shma korxonasining ipak tolalari xorijda xaridorgir. O‘tgan yili korxonaning Eron, Vyetnam, Turkiya, Hindistonga qilgan eksport hajmi qariyb 2,5 million dollarga teng bo‘ldi.
Davlat rahbari korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda "O‘zbekengilsanoat" aksiyadorik jamiyati tomonidan sobiq "Buxoroteks" AJ negizida tashkil etiladigan "Indorama Indast LTD" O‘zbekiston — Singapur qo‘shma korxonasi loyihasi bilan tanishdi. Buxoro viloyatida yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan korxona ishga tushgach 400 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Korxonaga "Riter" kompaniyasining (Shveysariya) zamonaviy va energiyatejamkor texnologiyalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Prezident "O‘zbekengilsanoat" aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2017-2018 yillarda Buxoro viloyatida paxta tolasini qayta ishlash dasturi loyihasi bilan ham tanishdi.
Ishlab chiqilayotgan yangi loyiha bo‘yicha viloyatning 7 ta shahar va tumanida 13 ta yirik sanoat loyihasini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu viloyatda yetishtirilgan paxta tolasining 65 foizini qayta ishlash imkoniyatini yaratadi. Natijada 5 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Dasturni bajarish uchun mamlakat tijorat banklari mablag‘lari va chet el investitsiyasini jalb qilish rejalashtirilgan.
Yerdan unumli foydalanish natijasida tutzorlar barpo etish bo‘yicha yangi loyiha taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari mazkur sohani yanada rivojlantirish, tut plantatsiyalarini ko‘paytirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Buxoro shahrida ishga tushirilayotgan "Buxoro kotton tekstil" korxonasi loyihasi bilan tanishar ekan, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani tola ko‘rinishida sotish eng kam daromad keltirishini, paxta tolasini qayta ishlab, eksportbop tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
1000 kishining bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan korxonada 6,5 ming tonna ip-kalava, 10 ming kvadrat metr gazlama (jinsi) va 1,5 million dona tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Prezidentga Olot tumanidagi "Merganteks" mas’uliyati cheklangan jamiyati, Peshku tumanidagi ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli korxona, Buxoro shahrida paxta yetishtirishdan tayyor to‘qimachilik mahsuloti ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladigan paxta-to‘qimachilik klasteri tuzish, tabiiy va kimoviy tolalardan integratsiya asosida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil qilish loyihalari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.