TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Toshkentda aql bovar qilmas odam o‘g‘irlash jinoyati sodir etildi, deb ma’lum qildi Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev.
Uning aytishicha, besh kishidan iborat guruh xorij filmlarida odam o‘g‘irlash bilan bog‘liq ssenariyni hayotda sinab ko‘rishga ahd qilgan.
"Hammasi tadbirkorning restoranlardan birida do‘stlari davrasida boyligi, xonadonlari-yu, pullarining miqdorini aytib maqtanganidan boshlangan. Uning boyliklaridan xabar topgan besh kishi o‘zaro birlashib, uni o‘g‘irlash rejasini tuzadi, bunda Amerika filmlaridagi shunga o‘xshash voqealardan o‘rnak olishadi", — dedi Toshxo‘jayev.
Jinoyatchilar tadbirkorni o‘g‘irlagach, uning bo‘yniga go‘yoki "bomba" ilishadi va jabrdiyda harakatlarini kuzatib turish maqsadida videoqo‘ng‘iroq qilish imkonini beruvchi mobil dasturlardan foydalanishadi. Telefon qashqadaryolik noma’lum kishi nomiga rasmiylashtirilgan bo‘ladi.
Ular tadbirkordan dastlab tovon sifatida 200 ming AQSh dollari talab qilishadi, agar talablari bajarilmasa, bo‘yniga osilgan "bomba" portlashini aytib qo‘rqitishadi.
"Qizig‘i, jinoyatchilar 200 ming dollar talab qilishsa-da, tadbirkor ular bilan savdolashadi hamda tovon pulini 10-marta kamaytirishga, ya’ni 20 ming dollarga tushirishga erishadi.
So‘ngra jinoyatchilar bilan kelishuv amalga oshirgan tadbirkor ularning "bomba" haqidagi gaplariga ishonmay, to‘g‘ri ichki ishlar idorasiga boradi. Jinoyatchilar uni kamera orqali kuzatib turishgani bois tezda ashyoviy dalillarni yo‘qotishga urinishadi", — dedi IIBB boshlig‘i o‘rinbosari.
Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyatchilar qo‘lga olindi.
Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.