TOShKENT, 9 mar — Sputnik. Shu yilning 6-mart kuni soat 15:30larda Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri Kat mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan uydan 10 yoshli o‘g‘il bolaning jasadi topildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, noma’lum shaxs uni o‘tkir tig‘li jism bilan o‘ldirib, hovlida bo‘lgan Damas rusumli avtomashina hamda ichida pul va sariq metalldan yasalgan zargarlik buyumlari bo‘lgan seyfni olib ketgan.
Qashqadaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida avtomashina Mashab ko‘chasi 17-uy oldida qoldirib ketilganligi aniqlangan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlar jarayonida Kasbi tumani IIB Huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘limi militsiya tayanch punkti profilaktika inspektori Shuhrat Murodov tomonidan mazkur mudhish jinoyatni sodir etishda gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olingan.
Ushbu qotillikni sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxs Qarshi shahrida yashovchi 1982-yilda tug‘ilgan shaxs bo‘lib chiqdi. Uning uyidan seyfning kesilgan qoldiqlari hamda sumkasidan jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan pullar, obligatsiyalar va sariq metalldan tayyorlangan zargarlik buyumlari daliliy ashyo sifatida olindi.
Mazkur jinoyat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.