TOSHKENT, 7 mar — Sputnik. Mirobod tumanidagi xonadonlardan biridan xitoylik fuqaroning buyumlarini oʻgʻirlamoqchi boʻlgan shaxs ushlandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston IIV matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, 2017 yil 3 mart kuni qoʻriqlash pulti signalizatsiyasi orqali qoʻriqlash pultiga "tashvish" xabari kelib tushgan.
Mirobod tumani 1-texnik qoʻriqlash pulti ekipajining voqea joyiga zudlik bilan yetib borishi natijasida gʻaraz niyatli shaxs voqea joyida, daliliy ashyolar bilan qoʻlga olindi.
Maʼlum boʻlishicha, 1986 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan bu shaxs Mirobod tumanidagi xonadonlardan birining eshigi qulfini temir jism yordamida ochib kirib, tumandagi Huawei korxonasida ishlovchi xitoylik fuqaroga tegishli qimmatbaho buyumlarni oʻgʻirlamoqchi boʻlgan.
Hozirda unga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.